thegamers.uz Instagram
CS 1.6 mexanikasi

Devor portlashdan qutqarmaydi: Kontrda HE granata va bomba faqat masofani hisoblaydi

Kontrda granata yoki bomba portlaganda devor orqasiga yashirinasizmi? Foydasi yoʻq. Counter-Strike 1.6 da portlash devorni koʻrmaydi — faqat masofani hisoblaydi. Buni test serverda haqiqiy HE granata va bombani portlatib oʻlchadik.

Kompyuter klubi: «Devor orqasiga oʻt, tegmaydi!» Raqamlar boshqacha: 128 birlik qalin devor ortida turgan ham, ochiq joyda turgan ham bir xil masofada bir xil zarar oldi — 50.

Afsona
Granata yoki bomba portlaganda devor orqasida tegmaydi.
Oʻlchov
Devor ortida ham, ochiq joyda ham bir xil zarar: 173 birlikda 50, 260 birlikda 25.

HE granata devor orqasidan uradimi: oʻlchov

HE granatani Dust2 xaritasida T bazasi yonidagi 128 birlik qalin devor yoniga — polga tashladik. Nishonlarning bir qismi ochiq joyda, bir qismi devor ortida, granatadan bir xil masofada turdi:

Masofa Ochiq joyda Devor ortida Kevlar bilan
173 50 50 25
200 42 42 21
226 35 35 17
260 25 25 12

Devor zararni bir birlik ham kamaytirmadi. Kevlar esa kamaytiradi — taxminan ikki baravar. ReGameDLL kodida ham shunday: Counter-Strike 1.6 da portlash zarari hisoblanganda devor tekshirilmaydi. Bunday tekshiruv faqat Condition Zero’da bor.

Granata oyoq ostida portlasa, turgan oʻyinchiga 96, oʻtirganga 91, kevlarli oʻyinchiga 48 zarar tegadi. Yaʼni 100 jonli oʻyinchi oyoq ostida portlagan HE’dan ham 4 jon bilan tirik qoladi. HE granata zarari 350 birlik radiusda tarqaladi.

HE 173 birlikda — devor ortida ham, ochiqda ham
50
HE oyoq ostida: 100 jonli oʻyinchi 4 jon bilan qoladi
96
bomba Dust2 CT bazasida, ikki devor ortida
266
Nuke: B’dagi bomba A’dagi oʻyinchiga, pol orqali
252

Dust2: A’dagi bomba CT bazasigacha yetadi

Bomba granatadan ancha kuchli. Dust2 xaritasida uning zarari 500 dan boshlanadi va masofa bilan kamayadi: zarar = 500 − masofa / 3,5. Yaʼni bomba 1750 birlikdan nariga yetmaydi.

Bombani A maydoniga qoʻyib portlatdik. CT bazasida, 815 birlikda turgan nishon bilan bomba orasida, toʻgʻri chiziqda, ikkita devor bor edi — har biri taxminan 200 birlik. Baribir:

Masofa Joy Zirhsiz Zirh va kaska bilan
815 CT bazasi, ikki devor ortida 266 — oʻladi 133 — oʻladi
1017 CT bazasi 209 — oʻladi 104 — oʻladi
1222 CT bazasining narigi cheti 150 — oʻladi 75 — tirik
1399 — 100 — oʻladi 50 — tirik
1599 — 43 21

Zirh va kaska bomba zararini ikki baravar kamaytiradi, lekin CT bazasining yaqin qismida bu ham yetmaydi. 1399 birlikda zirhsiz oʻyinchiga aniq 100 zarar tegdi — 100 jon bilan bu oʻlim.

Bombaga 500 birlikdan yaqin joyda zararga xaritaning oʻz portlashlari ham qoʻshiladi: 291 va 307 birlikdagi nishonlarga 6 va 5 marta zarar tegdi. Shuning uchun bu masofalar jadvalda yoʻq.

Nuke: B’dagi bomba A’dagilarni pol orqali oʻldiradi

Nuke xaritasida bomba kuchsizroq: xarita faylida bombradius 350 deb yozilgan. Dust2 va serverimizdagi boshqa standart de_ xaritalarda bu kalit yoʻq — u yerda 500 ishlaydi, de_chateau xaritasida esa 300. Nuke’da zarar = 350 − masofa / 3,5.

Lekin Nuke’da A maydoni B’ning tepasida: A poli B polidan 352 birlik balandda. Portlash esa pol orqali ham oʻtadi. Bombani B’ga qoʻydik:

Masofa Joy Zirhsiz Zirh va kaska bilan
342 A, bir qavat tepada 252 126 — oʻladi
374 A 243 121 — oʻladi
418 A 230 115 — oʻladi
487 A 211 105 — oʻladi
607 tashqarida, B bilan bir sathda 176 88 — tirik, 12 jon
983 — 69 34
1133 — 26 13

A maydonidagi toʻrtala nuqtada ham oʻyinchi zirh va kaska bilan oʻldi. Kaskali zirh ham qutqarmaydi. Nuke xaritasining oʻzi haqida — de_nuke tarixi maqolasida.

Portlashdan qanday omon qolish mumkin

  • Devor emas, masofa. Portlash zararini faqat masofa va zirh kamaytiradi. Bomba portlashidan oldin devor orqasiga emas, uzoqroqqa qoching.
  • Zirh oling. Kevlar HE zararini taxminan ikki baravar kamaytiradi: oyoq ostida 96 oʻrniga 48. Bomba zararini zirh va kaska ham ikki baravar kamaytiradi.
  • Dust2 xaritasida A’dagi bombadan CT bazasining yaqin qismida qutulib boʻlmaydi — u yerda zirh bilan ham 104–133 zarar. Bazaning narigi chetida (1222 birlik) zirhli oʻyinchi tirik qoladi.
  • Nuke’da B portlasa, A’da turish xavfsiz emas: pol himoya qilmaydi.

Oʻq uchun esa devor ahamiyatli: qaysi qurol nimani teshishini prostrel maqolasida oʻlchaganmiz. Fleshkadan esa aynan devor qutqaradi — bu haqda fleshkadan oʻgirilsangiz maqolasida.

Qanday oʻlchadik

Test serverda (ReHLDS, AMX Mod X plagini zamer23.sma, oʻyinning haqiqiy mp.dll fayli) bot haqiqiy HE granata tashladi va haqiqiy bombani qoʻydi. Bomba taymeri testda 10 soniya edi. Zararni oʻlchash uchun nishon botlarga 10 000 jon berildi, oʻlim esa alohida — 100 jonli botlarda tekshirildi. Granata va bomba joylari, devor qalinligi va nishonlar turadigan nuqtalar xarita fayllaridan (.bsp) olindi. Portlash markazi poldan 45,6 birlik balandda. bombradius qiymati .bsp faylidagi info_map_parameters obyektidan olindi.

Savol-javob

HE granata devor orqasidan uradimi?

Ha. 128 birlik qalin devor ortida ham ochiq joydagidek: 173 birlikda 50, 200 birlikda 42. Kontrda portlash faqat masofani hisoblaydi.

Bomba portlaganda qancha uzoqqa qochish kerak?

Dust2 xaritasida zirhsiz oʻyinchi 1399 birlikda ham oʻladi — aniq 100 zarar. Zirh va kaska bilan 1222 birlikda 75 zarar tegadi va oʻyinchi tirik qoladi.

Nuke’da B’dagi bomba A’ga yetadimi?

Yetadi, pol orqali. A maydonida 252–211 zarar, zirh va kaska bilan 126–105 — ikkala holatda ham oʻlim.

Kevlar granatadan qutqaradimi?

Zararni taxminan ikki baravar kamaytiradi: 173 birlikda 50 oʻrniga 25, oyoq ostida 96 oʻrniga 48. Devor esa hech narsani kamaytirmaydi.