thegamers.uz Instagram
CS 1.6 mexanikasi

Fleshkadan oʻgirilsangiz qutulasizmi? Orqangiz bilan ham ekran 78 foiz oq

Kontrda fleshka otilsa, baʼzilar orqasiga oʻgiriladi — koʻr boʻlmayman deb. Test serverda haqiqiy fleshka bilan tekshirdik: orqangiz bilan turganda ham koʻr boʻlasiz. 157 birlikda fleshkaga qarab turgan oʻyinchining ekrani 2,39 soniya butunlay oq turdi, orqasiga oʻgirilganniki esa 1,02 soniya 78 foiz oq.

Kompyuter klubi: «Flesh! Oʻgiril!» Oʻgirilish foyda beradi, lekin oʻylagandek emas: koʻrlik ikki baravarga yaqin kamayadi, xolos. Haqiqiy qutqaruvchi — devor.

Afsona
Fleshka otilganda orqaga oʻgirilsangiz, koʻr boʻlmaysiz.
Oʻlchov
Orqangiz bilan ham ekran 78 foiz oq: 157 birlikda 1 soniya, keyin 6 soniyada tiniqlashadi.

Fleshka qanday koʻr qiladi: oq ekran va tiniqlashish

Fleshka portlaganda oʻyin koʻr boʻlgan har bir oʻyinchiga ekranni oqartirish haqida xabar yuboradi. Unda uchta raqam bor: ekran necha soniya toʻliq oq turadi, keyin necha soniyada asta tiniqlashadi va oqlik qanchalik kuchli. Eng kuchli oqlik — 255, yaʼni 100 foiz. Orqasi bilan turgan oʻyinchida — 200, yaʼni 78 foiz.

Bu raqamlar ikki narsaga bogʻliq: fleshkagacha masofa va qayerga qarab turganingiz. Oʻyin kodida (RadiusFlash funksiyasi) avval kuch hisoblanadi: k = 4 × (1 − masofa / 1500). Fleshkaga qarab turgan oʻyinchining ekrani k / 1,5 soniya oq turadi va 3k soniyada tiniqlashadi. Orqasi bilan turganniki — k / 3,5 va 1,75k soniya. 1500 birlikda k nolga teng, yaʼni fleshka u yerga yetmaydi.

Fleshkaga qarab va orqa oʻgirib: necha soniya koʻr

Ekran necha soniya butunlay oq turadi:

Masofa Fleshkaga qarab Orqa oʻgirib (78 %)
157 2,39 1,02
502 1,77 0,76
1001 0,89 0,38
1351 0,27 0,11

Keyin necha soniyada tiniqlashadi:

Masofa Fleshkaga qarab Orqa oʻgirib
157 10,75 6,28
502 7,99 4,66
1001 3,99 2,33
1351 1,20 0,70

Yaqin joyda fleshkaga qarab tursangiz, ekran 2 soniyadan koʻproq butunlay oq boʻladi, keyin 10 soniyadan koʻproq asta tiniqlashadi. Orqangizni oʻgirsangiz — 1 soniya 78 foiz oq va 6 soniyada tiniqlashish. Oq ekran vaqti 2,3 baravar, tiniqlashish 1,7 baravar qisqaradi. Umuman olganda, oʻgirilish koʻrlikni ikki baravarga yaqin kamaytiradi, xolos.

fleshkaga qarab tursangiz — ekran butunlay oq
100 %
orqangiz bilan turganda ham
78 %
gacha yon tomonga qarash yordam bermaydi
89°
devor ortida — ekran oqarmaydi
0

Burchak: 89 gradus — xuddi toʻgʻri qaragandek

Eng qizigʻi — burchak. Nishonlarni fleshkaga nisbatan turli burchakda qoʻydik: 0, 45, 80, 89, 91, 100, 135 va 180 gradus. 0 dan 89 gradusgacha natija bir xil — xuddi fleshkaga toʻgʻri qaragandek. 91 gradusdan boshlab esa — xuddi orqa oʻgirgandek.

Yaʼni yon tomonga qarash yordam bermaydi: 89 gradusda ham toʻliq koʻr boʻlasiz. 89 va 91 gradus orasidagi farq atigi 2 gradus, lekin natija butunlay boshqa. Toʻliq orqaga oʻgirilish (180 gradus) esa 91 gradusdan yaxshiroq emas — raqamlar bir xil. Muhimi — fleshka yelkangiz chizigʻidan orqada qolishi.

Fleshka jamoadoshni ham, oʻzingizni ham koʻr qiladi

Fleshka doʻst-dushmanni ajratmaydi. Taxminan 200 birlikda turgan dushman (CT), jamoadosh (T) va fleshkani otgan oʻyinchining oʻzi bir xil koʻr boʻldi: ekran 2,3 soniya oq turdi va 10,3–10,4 soniyada tiniqlashdi. Oʻz fleshkangizni otganda ham undan koʻzingizni olib qoching.

Devor — fleshkadan yagona ishonchli himoya

Devor ortida turgan oʻyinchining ekrani umuman oqarmadi, garchi u fleshkaga qarab turgan boʻlsa ham. Fleshkadan unga qadar 279 birlik, oradagi devor qalinligi 27 birlik edi.

Bu yerda fleshka HE granata va bombadan farq qiladi: portlash zarari devorni hisobga olmaydi, fleshka esa devor ortidagini koʻr qilmaydi. Granata va bomba haqida — Devor portlashdan qutqaradimi maqolasida.

Amalda vaqt kam: testda fleshka qoʻldan chiqqandan 1,5 soniya keyin portladi. Shu vaqt ichida:

  • Ulgursangiz — devor ortiga oʻting. Bu yagona toʻliq himoya.
  • Ulgurmasangiz — 90 gradusdan koʻproq oʻgiriling. Yon tomonga qarash (89 gradusgacha) foyda bermaydi.
  • Uzoqlik ham yordam beradi: 1351 birlikda fleshkaga qarab turgan oʻyinchining ekrani atigi 0,27 soniya oq boʻladi.

Qanday oʻlchadik

Test serverda (ReHLDS, AMX Mod X plagini zamer24.sma, oʻyinning haqiqiy mp.dll fayli) bot haqiqiy fleshkani Dust2 xaritasidagi Long A yoʻlagining poliga tashladi. Nishon botlar yoʻlak boʻylab turdi va fleshkaga turli burchakda qaradi. Ular bir-birini toʻsmasligi uchun toʻsiqsiz qilib qoʻyildi (SOLID_NOT), har portlashdan oldin koʻrlik holati nolga qaytarildi. Koʻrlik oʻyin oʻyinchiga yuboradigan ScreenFade xabaridan olindi: oq turish vaqti, tiniqlashish vaqti va oqlik kuchi. Natijalar ReGameDLL’dagi RadiusFlash formulasiga mos keldi. Dust2 xaritasining oʻzi haqida — de_dust tarixi maqolasida.

Savol-javob

Fleshkadan orqaga oʻgirilsa koʻr boʻladimi?

Ha. Orqangiz bilan ham ekran 78 foiz oq boʻladi: 157 birlikda 1,02 soniya, keyin 6,28 soniyada tiniqlashadi. Oʻgirilish koʻrlikni ikki baravarga yaqin kamaytiradi, xolos.

Fleshka oʻz jamoangizni koʻr qiladimi?

Ha, dushman bilan bir xil. Fleshkani otgan oʻyinchining oʻzi ham koʻr boʻladi.

Yon tomonga qarasa fleshka taʼsir qiladimi?

Ha, toʻliq. 89 gradusgacha xuddi toʻgʻri qaragandek koʻr boʻlasiz. Koʻrlik faqat 91 gradus va undan koʻp burilganda kamayadi.

Fleshkadan qanday himoyalanish mumkin?

Eng ishonchlisi — devor: devor ortida ekran umuman oqarmaydi. Uzoqlik ham yordam beradi: 1351 birlikda qarab turgan oʻyinchining ekrani 0,27 soniya oq boʻladi, 1500 birlikda esa fleshka yetmaydi.